Farg‘ona davlat universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Qabul komissiyasi faoliyatining boshlanishiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rahbariyati, Qabul komissiyasi a’zolari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.



Yig‘ilishda Qabul komissiyasi raisi Bahodirjon Shermuhammadov tomonidan “Qabul–2026” tadbirlarini amaldagi qonunchilik talablari asosida, shaffoflik, adolat va ochiqlik tamoyillariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, qabul jarayonining har bir bosqichi abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun tushunarli, qulay hamda xolis tarzda tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida qabul jarayonida faoliyat yuritadigan ishchi guruh a’zolari tanishtirilib, ularning vazifalari va mas’uliyatlari belgilab berildi. Xususan, hujjatlarni qabul qilish, murojaatlar bilan ishlash, axborot xizmatlarini ko‘rsatish hamda abituriyentlarga zarur maslahatlar berish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda fuqarolarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish, murojaatlarga o‘z vaqtida javob qaytarish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda qabul jarayonining barcha bosqichlarida ochiqlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mas’ullar oldiga qabul kampaniyasini yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish, abituriyentlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni zarur ma’lumotlar bilan muntazam ta’minlab borish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor hal etish vazifalari qo‘yildi.
Farg‘ona davlat universitetida “Qabul–2026” jarayonlarini samarali tashkil etish orqali yoshlarning sifatli oliy ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularning ishonchini oqlash va ta’lim tizimida ochiqlik hamda adolat tamoyillarini yanada mustahkamlash asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.