

“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalarida Farg‘ona davlat universiteti suzish jamoasi yuqori natijalarni qayd etib, universitet sport tarixiga yana bir yorqin sahifa qo‘shdi.
Musobaqalar davomida talaba-sportchilarimiz o‘zlarining puxta tayyorgarligi, kuchli irodasi va professional mahoratini namoyish etib, umumjamoa hisobida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdilar. Ushbu natija nafaqat jamoa a’zolarining mehnati, balki universitetda sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning ham amaliy samarasidir.

Suzish bo‘yicha bahslarda universitetimizning o‘g‘il va qizlar jamoalari har bir yo‘nalishda raqobatchilariga munosib qarshilik ko‘rsatib, suv havzasida yuqori texnika, tezlik va chidamlilikni namoyon etdilar. Ayniqsa, hal qiluvchi bahslarda ko‘rsatilgan qat’iyat va g‘alabaga bo‘lgan intilish sportchilarimizning kuchli xarakterini yaqqol namoyon qildi.
Mazkur yutuq Farg‘ona davlat universitetida yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Universitet jamoasi nomidan barcha suzuvchilarimizni ushbu ulkan muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaymiz. Shuningdek, sportchilarimizni yuksak natijalarga tayyorlashda munosib hissa qo‘shgan murabbiylar va mutaxassislarga alohida minnatdorlik bildiramiz.