Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 521
  • Ko`rib chiqilganlar 485
    • Takliflar 63
    • Arizalar 405
    • Shikoyatlar 53
  • Ko`rib chiqilmoqda 36

YUQORI E’TIBOR VA ZAMONAVIY TA’LIM IFODASI

11:25, 09.06.2026      

Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifatini oshirish, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish hamda zamonaviy ta’lim muhitini yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday sa’y-harakatlarning amaliy natijasi sifatida Huquqshunoslik fakultetida yangi tashkil etilgan Kriminalistika xonasi foydalanishga topshirildi.

Universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov fakultetga tashrif buyurib, mazkur o‘quv-amaliy xonaning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida kriminalistik tadqiqotlarda qo‘llaniladigan zamonaviy texnik vositalar, ashyoviy dalillarni aniqlash va tahlil qilish uskunalari hamda amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etishga xizmat qiluvchi innovatsion ta’lim metodlari namoyish etildi.

Rektor yangi xonada yaratilgan sharoitlar bo‘lajak huquqshunoslarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni amaliy faoliyatga puxta tayyorlash va sohaga oid zamonaviy bilimlarni egallashida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, talabalar uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tashrif davomida Huquqshunoslik fakulteti huzurida faoliyat yuritayotgan “Qonun qalqonlari” targ‘ibot jamoasining loyihalari va tashabbuslari ham taqdim etildi. Jamoa tomonidan yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonun ustuvorligini targ‘ib qilish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Bahodirjon Shermuhammadov taqdim etilgan loyihalar bilan yaqindan tanishib, ularning mazmun-mohiyati, amaliy ahamiyati va istiqbollariga yuqori baho berdi. Shu bilan birga, faoliyat samaradorligini yanada oshirish, talabalarning tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash hamda targ‘ibot ishlarini kengaytirish yuzasidan o‘zining taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Bugungi kunda Huquqshunoslik fakultetida yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma, innovatsion o‘quv maydonlari va amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur shart-sharoitlar talabalarning puxta bilim olishi hamda kelgusida malakali mutaxassis bo‘lib yetishishida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yoshlar ta’limi va tarbiyasiga qaratilayotgan bunday yuksak e’tibor nafaqat talabalarning kasbiy rivojlanishiga, balki ularning Vatanga sadoqatli, qonunlarga hurmat ruhida kamol topishiga ham xizmat qiladi. Bu esa Farg‘ona davlat universitetining zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasidagi ustuvor maqsadlari izchil amalga oshirilayotganining yana bir yorqin ifodasidir