Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 521
  • Ko`rib chiqilganlar 485
    • Takliflar 63
    • Arizalar 405
    • Shikoyatlar 53
  • Ko`rib chiqilmoqda 36

FIZIKA-MATEMATIKA FAKULTETIDA TA’LIM SIFATI VA AMALIY TAYYORGARLIK MASALALARI E’TIBOR MARKAZIDA

11:42, 09.06.2026      

Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov fizika-matematika fakultetiga tashrif buyurib, fakultetdagi o‘quv, ilmiy-amaliy laboratoriyalar hamda ustaxonalarning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy jihozlarning holati va amaliy mashg‘ulotlarning tashkil etilishi atroflicha ko‘zdan kechirildi.

Dastlab rektor duradgorlik va chilangarlik o‘quv ustaxonalari faoliyati bilan tanishib, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar jarayoni yuzasidan mas’ullar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, gazlamalarga ishlov berish texnologiyasi laboratoriyasi hamda tikuvchilik yo‘nalishidagi o‘quv xonalarida yaratilgan imkoniyatlar, o‘quv-uslubiy ta’minot va mavjud texnik bazaning samaradorligi o‘rganildi.

Tashrif davomida materialshunoslik va muqobil energiya manbalari laboratoriyalari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Mazkur laboratoriyalarda olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar, energiya tejamkor texnologiyalar va innovatsion loyihalarni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.

Bundan tashqari, mexatronika va robototexnika, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatik boshqarish, elektronika, elektrotexnika va avtomatlashtirish yo‘nalishlaridagi zamonaviy o‘quv laboratoriyalarining jihozlanganlik darajasi ko‘zdan kechirildi. Talabalar tomonidan bajarilayotgan amaliy loyihalar, ilmiy izlanishlar hamda ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan ta’lim jarayonlari yuzasidan fikr almashildi.

Bahodirjon Shermuhammadov laboratoriya va ustaxonalarda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, amaliy mashg‘ulotlar sifatini yanada oshirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘quv jarayoniga kengroq joriy etish hamda talabalarni innovatsion faoliyatga faol jalb etish bo‘yicha o‘z tavsiya va maslahatlarini berdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda zamonaviy laboratoriyalar va amaliyot maydonlarining mavjudligi talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, ularni mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida tayyorlashda muhim omil hisoblanadi. Fizika-matematika fakultetida yaratilayotgan bunday sharoitlar esa yoshlarning ilm-fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Mazkur tashrif universitetda ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-amaliy faoliyatni rivojlantirish hamda zamonaviy kasbiy kompetensiyalarga ega mutaxassislar tayyorlash borasidagi ishlarning izchil davom etayotganidan dalolat beradi.