
Farg‘ona davlat universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda ta’lim va ilm-fan sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganishga qaratilgan ishlari izchil davom etmoqda.
Ayni kunlarda universitetning psixologiya kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilorom Nuraliyeva hamda iqtisodiyot kafedrasi professori Nargiza Olimova Turkiya Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Recep Tayyip Erdoğan universitetida tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda. Mazkur dastur 2026-yilning 1–17-iyun kunlari davom etib, unda turli mamlakatlardan kelgan olim va mutaxassislar qatnashmoqda.

Malaka oshirish kursi doirasida professor-o‘qituvchilar zamonaviy pedagogik texnologiyalar, innovatsion ta’lim metodlari, ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, ular universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun o‘z mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib, Farg‘ona davlat universitetida amalga oshirilayotgan ilmiy va ta’limiy faoliyat haqida ma’lumot bermoqda.


Dastur davomida ikki oliy ta’lim muassasasi vakillari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etilib, ilmiy tadqiqotlar, akademik mobillik, qo‘shma ta’lim dasturlari va xalqaro loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinmoqda. Mazkur muloqotlar kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish hamda qo‘shma ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Xalqaro malaka oshirish dasturlarida faol ishtirok etish Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilarining ilmiy-pedagogik salohiyatini yuksaltirish, ta’lim sifatini oshirish va universitetning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.