Farg‘ona davlat universiteti ilmiy salohiyati va ilmiy maktablari yildan-yilga kengayib, yangi yutuqlar bilan boyib bormoqda. Universitetning Chet tillari fakulteti Nemis va fransuz tillari kafedrasi o‘qituvchisi Aripova Shodiya Maxmudovna o‘zining ilmiy faoliyatida muhim marrani zabt etdi.
Olimaning “O‘zbek va nemis tillarida “nikoh” bilan bog‘liq leksik birliklarning qiyosiy tadqiqi” mavzusidagi ilmiy dissertatsiyasi 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligida tayyorlangan.
Ushbu tadqiqot ikki til — o‘zbek va nemis tillarida nikoh tushunchasi bilan bog‘liq leksik birliklarni qiyosiy jihatdan tahlil qilib, ularning lingvistik va madaniy xususiyatlarini yoritishga qaratilgan. Natijalar milliy madaniyatlar o‘rtasidagi umumiylik va farqlarni ko‘rsatish, tarjima jarayonida to‘g‘ri ekvivalentlarni tanlash hamda tilshunoslik nazariyalarini boyitishga xizmat qiladi.
Dissertatsiya ishi Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02 raqamli Ilmiy kengash yig‘ilishida muhokama qilindi. Tadqiqotning ilmiy yangiliklari va dolzarbligi kengash a’zolari tomonidan yuksak baholanib, ish 100% ovoz bilan qo‘llab-quvvatlandi.