Farg‘ona davlat universiteti yana bir ilmiy ish himoyasi bo’lib o’tdi. Mazkur ilmiy ish himoyasida Falsafa va milliy g‘oya kafedrasi dotsenti Asatulloyev Inomjon Abobakr o‘g‘li Buxoro davlat universiteti huzuridagi falsafa fanlari bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi DSc.03/27.02.2020F.72.08 raqamli Ilmiy Kengash yig‘ilishida o‘z dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Asatulloyev Inomjon o’zining 09.00.03 – Falsafa tarixi ixtisosligi bo‘yicha “Erix Frommning ijtimoiy-ekzistensial konsepsiyasi” mavzusidagi dissertatsiyasida XX asrning mashhur faylasufi Erix Fromm qarashlarini chuqur tahlil qilib, uning inson va jamiyat haqidagi konsepsiyasini zamonaviy falsafiy tafakkur kontekstida qayta yoritishga erishdi.
Tadqiqotda inson erkinligi, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, shaxsning ijtimoiy muhit bilan aloqasi kabi masalalarga yangicha yondashuvlar ilgari surildi. Bu esa nafaqat falsafa fanini, balki ijtimoiy-gumanitar sohalarni rivojlantirishga ham bevosita hissa qo‘shadi.
Dissertatsiya himoyasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan yuqori baholanib, olimning mehnatsevarligi, izlanishlari va falsafiy tafakkuridagi yangicha qarashlari alohida e’tirof etildi. Bu yutuq Farg‘ona davlat universiteti ilmiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.