Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 459
  • Ko`rib chiqilganlar 426
    • Takliflar 59
    • Arizalar 357
    • Shikoyatlar 43
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

"SALOMLASHISH ODOBI" MAVZUSIDA MA’NAVIY-MA’RIFIY TADBIR

16:31, 18.09.2025      

Bugungi kunda jamiyatda maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyaning dolzarbligi ortib borayotgan bir paytda, yosh avlodni milliy qadriyatlar, urf-odatlarimizga sodiqlik ruhida tarbiyalash har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan Fizika-matematika fakultetida talabalar ishtirokida "Salomlashish odobi" mavzusida navbatdagi maʼnaviy-maʼrifiy va tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda oliygohning "Jamoatchilik kengashi" raisi A. Sharofiddinov, "Qatag'on qurbonlari" muzeyi direktori S. Siddiqov, Ota-onalar kengashi raisi A. G‘ofurov hamda fakultet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Uchrashuvning bosh mavzusi – salomlashish odobi, milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi sifatida talqin etildi.

So‘zga chiqqan mehmonlar salomlashish odobi xalqimizga xos bo‘lgan eng ulug‘ fazilatlardan biri ekanini ta’kidlab, bu oddiy ko‘ringan amaliyot aslida insonlar orasida mehr, hurmat, ehtirom, samimiylik kabi tushunchalarning boshlanish nuqtasi ekaniga urg‘u berdilar. Ayniqsa, talabalar orasida salomlashish madaniyati, ustoz-shogird munosabatlari, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi jihatlar tobora zaiflashib borayotganining sabablari atroflicha muhokama qilindi.

A. Sharofiddinov salomlashish faqatgina so‘z orqali emas, balki insonning yuzidagi tabassum, ko‘zidagi samimiyat, yuragidagi halollik orqali namoyon bo‘lishi kerakligini aytib o‘tdi. S. Siddiqov esa tarixiy misollar orqali qadim ajdodlarimizning odob-axloq, ayniqsa, salomlashishdagi nafis madaniyatini yoshlarga yetkazdi.

Tadbir davomida talabalar ham o‘z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etib, yoshlar orasida ba’zan oddiy salomlashish madaniyatining yo‘qligi, o‘zaro befarqlik holatlari uchrayotganini ochiq aytishdi. Shuningdek, bunday muammolarga qarshi turish, o‘zlaridan boshlab ijobiy o‘zgarishlar qilish kerakligi haqida qiziqarli mulohazalar bildirishdi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar salomlashish odobi kabi muhim ijtimoiy-axloqiy qadriyatlarimizni yoshlar ongiga chuqur singdirish zarurligini yana bir bor ta’kidlashdi. Talabalar esa ustozlarning ibratli so‘zlaridan ruhlanib, bu kabi uchrashuvlarni tez-tez tashkil etish taklifini ilgari surdilar.

Salom – bu faqatgina tilimizdagi so‘z emas, bu – yurakdagi mehr, ko‘ngildagi poklik, insoniylik belgisi. Yoshlarimizda ushbu qadriyatni shakllantirish va mustahkamlash esa nafaqat ta’lim muassasalari, balki butun jamiyat zimmasidagi muqaddas burchdir. Ma’naviy-ma’rifiy ruhda o‘tgan bunday tadbirlar esa shubhasiz, qalblarni uyg‘otadi, fikrlarni poklaydi va yoshlarni odobli, ma’naviyatli shaxs bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.