Farg‘ona davlat universiteti Tarix fakultetida navbatdagi “Rektor va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona davlat universitetida yangi o‘quv yili arafasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Rektor va yoshlar” uchrashuvlari izchil davom etmoqda. Mazkur uchrashuvlar nafaqat talaba-yoshlarning taklif va mulohazalarini eshitish, balki ularni yanada faol, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishga undash maqsadida tashkil etilmoqda.
Tarix fakultetida bo‘lib o‘tgan samimiy va ochiq muloqotli tadbirda universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov, fakultet rahbariyati hamda yangi o‘quv yilida o‘qishga tavsiya etilgan talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida talabalarning o‘quv jarayoni, ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishlari, talabalar turar joyi bilan ta’minlanishi, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, sport va madaniy tadbirlarda talabalarning faol ishtirokini ta’minlash, ularning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Rektor Bahodirjon Shermuhammadov talabalar bilan ochiq va samimiy muloqotda bo‘lib, ularni yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanishga, ilmiy va ijodiy loyihalarda faol qatnashishga, xorijiy tillarni chuqur o‘rganishga, eng asosiysi – kasbiy mahoratni doimiy rivojlantirib borishga undadi.
Shuningdek, talabalar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar e’tibor bilan tinglanib, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Tadbir yakunida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, sifatli ta’lim olishlari hamda shaxsiy salohiyatlarini to‘liq namoyon etishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.