2025–2026-o‘quv yilining “Ekologik innovatsiyalar va ekologik madaniyat oyligi” doirasida o‘tkazilgan muhim tadbirlardan biri — ekologik muammolar yechimiga bag‘ishlangan innovatsion loyihalar taqdimoti bo‘ldi. Tadbirda talaba-yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan ilg‘or g‘oyalar, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlanmalar namoyish etildi va eng sara loyihalar taqdirlandi.
Mazkur tadbir Farg‘ona Davlat Universiteti mezbonligida bo‘lib o‘tdi. Unda Eko partiya vakillari, ekologiya sohasidagi mutaxassislar, OAV vakillari, talabalar hamda universitet rahbariyati ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan talabalar tomonidan ilgari surilgan ekologik innovatsion yondashuvlar yuksak baholandi.
Tadbirda universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov o‘z nutqida ekologik masalalarga e’tibor qaratish, ilm-fan va texnologiyalarni muammolarning yechimi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi. U yoshlarning ekologik fikrlash doirasini kengaytirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularni global muammolarga samarali yechim topuvchi kuchga aylantirish kerakligini aytib o‘tdi.
Taqdirlash marosimida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va rag‘batlantirildi:
1. Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurash, chiqindilarni qayta ishlash;
Birinchi o‘rin – 6 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Loyihada chiqindilarni saralash va qayta ishlash orqali resurslarni tejash, havoning ifloslanishini kamaytirish g‘oyalari ilgari surildi.
2. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari
Ikkinchi o‘rin – 4 million so‘m mukofot bilan taqdirlandi.
Talabalar tomonidan quyosh va shamol energiyasidan foydalanishga doir innovatsion qurilmalar taqdim etildi.
3. Innovatsion ekologik texnologiyalar va qurilmalar
Uchinchi o‘rin – 2 million so‘mlik mukofot bilan e’tirof etildi.
Ushbu loyiha doirasida ekologik nazorat tizimlari va aqlli monitoring texnologiyalariga oid takliflar ilgari surildi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat ilmiy yutuqlarga erishish, balki yoshlar orasida ekologik madaniyatni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Ishtirokchilarning yondashuvlari nafaqat akademik bilimga, balki real hayotdagi ekologik masalalarga amaliy yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Taqdim etilgan loyihalar orasida qayta ishlash texnologiyalari, chiqindilardan bioyoqilg‘i ishlab chiqarish, suv resurslaridan samarali foydalanish, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalarning monitoringi kabi innovatsion yondashuvlar keng o‘rin oldi. Bu loyihalar keyingi bosqichlarda takomillashtirilib, keng miqyosda amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilgan.
“Ekologik innovatsiyalar va ekologik madaniyat oyligi” doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir nafaqat yoshlarning ilmiy salohiyatini namoyon etdi, balki ularni ekologik mas’uliyat, ijtimoiy faollik va zamonaviy texnologiyalarni foydali maqsadlarda ishlatishga yo‘naltirdi.
Kelgusida bu kabi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, g‘olib ishlanmalarni hayotga tadbiq etish orqali biz nafaqat ekologik muammolarga yechim topamiz, balki yosh avlodni yashil kelajak uchun ilhomlantirgan bo‘lamiz.