Farg‘ona davlat universiteti Agrar qo‘shma fakultetida navbatdagi muhim voqealardan biri — “Rektor va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Samimiy va ochiq ruhda o‘tgan muloqotda universitet rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov fakultet talabalari bilan bevosita yuzma-yuz suhbatlashdi.
Rektor o‘z so‘zida, universitetning xalqaro reytinglardagi o‘rni, Agrar qo‘shma fakultetining tashkil topish tarixi, fakultetga qo‘yilgan maqsad va istiqboldagi rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ayniqsa, ilk bosqich talabalari bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida rektor ularni talabalik bilan qutlab, quyidagi savollar orqali ularning holatidan bevosita xabardor bo‘ldi:
"Oliy ta’limga moslashish siz uchun qanday kechmoqda?"
"O‘quv jarayonida qanday qiyinchiliklar mavjud?"
"Sizni qiynayotgan masalalar nimalardan iborat?"
Bu savollar talabalarda ochiq fikr almashish uchun qulay muhit yaratdi.
Talabalar tomonidan bildirgan fikr va takliflar, shuningdek, mavjud muammolar rektor tomonidan diqqat bilan tinglandi. Har bir masala yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi va ularni tezkor hal etish bo‘yicha fakultet rahbariyatiga tegishli topshiriqlar berildi.
Uchrashuv, shubhasiz, talaba-yoshlar va universitet rahbariyati o‘rtasidagi ishonch, ochiqlik va o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamladi.
Shuningdek, tadbir doirasida yana bir muhim voqea — fakultet hududida qurib bitkazilgan, barcha zamonaviy qulayliklarga ega 150 o‘rinli talabalar turar joyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ochiq eshiklar tarzida o‘tgan tadbirda talabalar, ota-onalar, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Mazkur turar joy talabalarning yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, ularning ta’lim olishga bo‘lgan e’tiborini oshirishga xizmat qiladi.
Farg‘ona davlat universiteti tomonidan tashkil etilayotgan bunday uchrashuvlar, avvalo, talabalarning ovozi eshitilayotganini anglatadi. Ularning taklif va muammolariga e’tibor qaratilishi esa ta’lim sifatini yanada oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.