Farg‘ona davlat universitetida talabalar uchun unutilmas san’at kechasi tashkil etildi. Universitet rahbariyati hamda Madaniyat markazi hamkorligida Farg‘ona viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan sahnalashtirilgan mashhur fransuz dramaturgi J.B. Moler qalamiga mansub “Zo‘rdan zo‘r chiqsa” spektakli namoyish etildi.
Tadbir universitet talaba-yoshlarining ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitish, ularda milliy va jahon san’ati namunalariga nisbatan qiziqish uyg‘otish, teatr san’atining tarbiyaviy ahamiyatini chuqur anglashlariga xizmat qildi.
Mazkur spektakl orqali talabalarga insoniylik, adolat, insoflilik, mag‘rurlik va kibr kabi muhim tushunchalar sahna orqali ta’sirchan yetkazildi. Moler uslubiga xos yumor, hayotiy iqtiboslar va o‘tkir dialoglar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Spektakl yakunida talabalar va professor-o‘qituvchilar aktyorlar ijrosini olqishlab, teatr sahnasida ko‘rsatilgan voqealar orqali o‘zlarini hayotiy muammolar bilan yuzma-yuz ko‘rganliklarini ta’kidlashdi. Ko‘plab talabalar uchun bu spektakl teatrga bo‘lgan qiziqishning boshlanishi bo‘ldi.
"Men birinchi marta jonli teatr spektaklini ko‘rdim. Aktyorlarning harakati, sahnadagi his-tuyg‘ulari juda tabiiy va samimiy bo‘ldi. Endi teatrga tez-tez borishni istayman," — deydi Ijtimoiy fanlar fakulteti 1-bosqich talabasi.
Farg‘ona davlat universitetida yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda teatr, adabiyot, musiqa kabi san’at yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu spektakl ham ana shu jarayonning uzviy bir qismi sifatida tashkil etildi.
Farg‘ona davlat universiteti talabalarning nafaqat ilmiy salohiyatini, balki ularning estetik didi, axloqiy fazilatlari va ijtimoiy faolligini yuksaltirishga qaratilgan bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlarni davom ettirishni maqsad qilgan.