Toshkent shahrida o‘tkazilgan yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasida Farg‘ona davlat universiteti Sport faoliyati fakulteti talabalarining navbatdagi yutug‘i qayd etildi.
3-kurs 04.23-guruh talabasi Ahmedov Hayotbek yurt miqyosidagi ushbu nufuzli bellashuvda barcha raqiblarini ortda qoldirib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Uning guruhdoshi, istiqbolli sportchi Ma’murov Ruxshodbek esa 2-o‘rinni egallab, universitet nomini yana bir bor sharafladi.
Bu g‘alabalar nafaqat shaxsiy yutuq, balki universitet sport salohiyatining yuksak ekanligini yana bir bor isbotladi. Talabalar musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rib, murabbiylar ko‘rsatmalari asosida doimiy mashg‘ulotlar olib borganlar. Ularning g‘alabasi — mehnatsevarlik, fidoyilik va sportga bo‘lgan yuksak mehrning yorqin natijasidir.
“Bu kabi musobaqalar biz talabalar uchun katta motivatsiya manbai bo‘ladi. Endi oldimizda xalqaro musobaqalarda ham universitetimiz nomini munosib himoya qilish maqsadi turibdi,” — deydi Ahmedov Hayotbek.
Farg‘ona davlat universitetida sport sohasiga alohida e’tibor qaratilib, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish yo‘lida muntazam ishlar olib borilmoqda. Talabalarimizning respublika miqyosida yuqori natijalarga erishayotgani bu yo‘nalishda olib borilayotgan siyosatning amaliy samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
FarDU sportchilari nafaqat darslarda, balki sport maydonlarida ham o‘zining iqtidori va salohiyatini namoyon etmoqda. Bu kabi yutuqlar yoshlarimizga o‘rnak, universitetimiz esa sportda ham yetakchi bo‘lish sari dadil qadam tashlamoqda.