Farg‘ona davlat universitetida an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan “Rektor va yoshlar” uchrashuvlari izchil davom etmoqda. Navbatdagi uchrashuv Harbiy ta’lim hamda Jismoniy madaniyat fakultetlarining 1-bosqich talabalari bilan bo‘lib o‘tdi.
Tadbir universitet rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligida ochiq muloqot ruhida o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida rektor talabalarga tanlagan mutaxassisliklariga nisbatan mas’uliyat bilan yondashish, o‘z ustida izchil ishlash va kelajakda jamiyatda yetakchi o‘rin egallash uchun bugundan boshlab harakat qilish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, oliygohda mavjud ilmiy salohiyat, professor-o‘qituvchilar tajribasi, infratuzilmaviy sharoitlar haqida so‘z yuritildi.
“Har bir mutaxassislik jamiyat taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, jismoniy tarbiya va harbiy soha – bu nafaqat kasb, balki mas’uliyat va fidoyilikni talab etuvchi yo‘nalishlardir. Siz, bugunning talabalari, ertangi kuchli va obro‘li mutaxassislar bo‘lishingiz kerak,” — deya ta’kidladi universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov.
Uchrashuvda talabalar o‘quv jarayoni, moddiy-texnik baza, dars jadvali, kutubxona va sport inshootlaridan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan fikr va takliflarini bildirdilar. Rektor talabalar tomonidan berilgan har bir savolni e’tibor bilan tinglab, aniq va asosli javoblar berdi, ayrim masalalar bo‘yicha esa mas’ullarga tezkor topshiriqlar berildi.
Shuningdek, universitetda talabalarning erkin fikr bildirishlari, tashabbus bilan chiqishlari hamda muammolarini bevosita rahbariyatga yetkazish imkoniyatlari yaratilgani, bu borada maxsus platformalar, “Rektor qabulxonasi”, elektron murojaat tizimi faol ishlayotgani eslatib o‘tildi.
“Rektor va yoshlar” uchrashuvlari universitetda ochiqlik, erkin muloqot va ishonchli munosabatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Har bir talabaning ovozi eshitilishi, taklifi inobatga olinishi esa ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantiradi.
Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati tomonidan yoshlar bilan doimiy muloqot, ularning ijtimoiy hayotdagi ishtirokini faollashtirish, ilm-fan, sport va madaniyat sohalaridagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.