Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston bog‘i” hududida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ommaviy sportni rivojlantirish va talaba-yoshlarda sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida “Talaba-yugur” ommaviy yugurish musobaqasining kuzgi mavsum Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli sport tadbirida Farg‘ona davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi To‘lqinova Mubinaxon faol ishtirok etib, barcha raqiblarini ortda qoldirib, faxrli 1-o‘rinni egalladi.
Musobaqada Respublikamizning turli hududlaridan yuzlab iqtidorli talabalar qatnashganiga qaramay, To‘lqinova Mubinaxon o‘zining puxta tayyorgarligi, kuchli irodasi va sport mahoratini namoyon etib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
“Bu g‘alaba menga nafaqat katta quvonch, balki keyingi marralar uchun kuch va ishonch berdi. Menga ishonch bildirgan ustozlarim va universitetimga minnatdorchilik bildiraman,” — deydi Mubinaxon musobaqa yakunida.
Farg‘ona davlat universiteti o‘z sportchi-talabalari bilan doim faxrlanadi. Har yili Respublika va xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarida FarDU talabalari yuqori natijalarga erishib, oliygoh sha’nini munosib himoya qilib kelmoqda.
“Talaba-yugur” kabi ommaviy sport tadbirlari esa nafaqat sog‘lom raqobat maydoni, balki yoshlarning jismoniy va ruhiy salohiyatini ro‘yobga chiqaruvchi muhim ijtimoiy maydonga aylanmoqda.