Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 459
  • Ko`rib chiqilganlar 426
    • Takliflar 59
    • Arizalar 357
    • Shikoyatlar 43
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

“REKTOR VA YOSHLAR” UCHRASHUVI: TAKLIF VA ISHONCH ASOSIDAGI MULOQOT

16:58, 24.09.2025      

Farg‘ona davlat universitetida talabalar bilan bevosita muloqot, ularning taklif va tashabbuslarini tinglash, yoshlar hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida muntazam o‘tkazilayotgan “Rektor va yoshlar” uchrashuvlarining navbatdagisi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda universitet rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti talabalari bilan ochiq va samimiy suhbat olib bordi.

Uchrashuvda rektor talabalarga yo‘llagan murojaatida oliy ta’lim muassasasidagi barcha islohot va o‘zgarishlar avvalo yoshlar manfaatlari uchun xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, talabalarning o‘qish jarayonidagi qiyinchiliklar, ijtimoiy hayot, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish, sport va san’atga bo‘lgan qiziqishlari, turar joy sharoitlari kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

“Universitet – bu nafaqat bilim maskani, balki yoshlik, orzu va tashabbuslar maydonidir. Har bir talabaning ovozi biz uchun muhim. Sizlar bilan bunday ochiq muloqotlar bizga islohotlarni to‘g‘ri yo‘naltirish imkonini beradi,” — deya ta’kidladi rektor Bahodirjon Shermuhammadov.

Suhbat davomida talabalarning ijodiy, sport, ilmiy va ijtimoiy faoliyatiga oid takliflari eshitildi. Talabalar o‘z fikrlari orqali universitetda mavjud imkoniyatlar bilan bir qatorda, qanday yangiliklar kutayotgani va ularning hayotini yanada boyitish uchun nimalarga ehtiyoj borligini ochiq ifoda etdilar.

Rasmiy uchrashuvdan ko‘ra, o‘rtoqlarcha va erkin muloqot shaklida o‘tgan suhbat talabalarda samimiylik va ishonch muhitini yaratdi. Ular o‘z fikrini erkin ifoda etish, savollar berish va tashabbus ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mazkur uchrashuv talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish va ta’lim muassasasining rivojlanishida ularni faol ishtirokchiga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati bundan buyon ham talabalarning har tomonlama kamolot topishi, ijtimoiy faolligi, yetakchilik salohiyatini yuzaga chiqarish va ularning muammolarini hal qilish borasida ochiq muloqot, ishonch va amaliy yechimlar tamoyiliga tayanishda davom etadi.