Farg‘ona davlat universitetida talabalar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida maxsus tungi amaliy mashq o‘tkazildi. Tadbir universitet hayotida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, ogohlantirish va tezkor harakatlanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Tungi mashq davomida zilzila, yong‘in sodir bo‘lishi kabi favqulodda holatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish bo‘yicha amaliy mashqlar tashkil etildi. Talabalar va yotoqxona ma’muriyati ishtirokida evakuatsiya jarayoni real sharoitlarga maksimal yaqin tarzda o‘tkazilib, har bir ishtirokchiga aniq vazifalar yuklatildi.
Mashg‘ulot davomida:
Yong‘in sodir bo‘lganda birinchi navbatda ko‘riladigan chora-tadbirlar;
Zilzila vaqtida xavfsiz joyga yashirinish va evakuatsiya qilish usullari;
Yotoqxonalardan xavfsiz va tartibli chiqish yo‘llari;
Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha qisqacha yo‘riqnomalar berildi.
Tadbir davomida FVV vakillari, yotoqxona mas’ullari hamda universitet ma’muriyati ishtirokida talabalar bilan ochiq muloqotlar ham o‘tkazildi.
Amaliy mashqlarning asosiy maqsadi – talabalar va universitet xodimlarining favqulodda holatlarga nisbatan tayyorgarlik darajasini oshirish, xavfsizlik qoidalariga amal qilish bo‘yicha mas’uliyatni yanada chuqurlashtirishdan iborat.
Universitet rahbariyati bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib borishni rejalashtirgan bo‘lib, bu esa nafaqat xavfsizlik choralarini kuchaytiradi, balki yoshlarning ogohlik, tartib-intizom va jamoaviylik ko‘nikmalarini ham rivojlantiradi.
Tungi amaliy mashqlar — bu shunchaki ko‘rgazmali chiqish emas, balki favqulodda holatlarda inson hayotini asrashga xizmat qiladigan muhim tayyorgarlikdir. Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilgan bunday tadbirlar talabalarning xavfsizlik borasidagi ongini shakllantirish va mas’uliyatni his qilishlariga xizmat qilmoqda.