Farg‘ona davlat universiteti Filologiya fakultetida talabalarning fikr va takliflarini tinglash, ularning muammolari va tashabbuslarini o‘rganish maqsadida “Rektor va talaba-yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Tadbirda universitet rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov 1-bosqich talabalari bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi.
Uchrashuv davomida quyidagi asosiy masalalar atroflicha muhokama qilindi:
ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy o‘quv metodlarini joriy etish,
xorijiy tillarni o‘rganishga kengroq sharoitlar yaratish,
iqtidorli talabalarni ilmiy loyihalarga jalb etish,
talabalar uchun turmush sharoitlarini yanada yaxshilash.
Rektor talabalarning har bir savoliga alohida e’tibor bilan yondashdi, ularning fikr va takliflarini diqqat bilan tingladi. Shu bilan birga, fakultetda amalga
oshirilayotgan islohotlar, yangi loyihalar va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida talabalar tomonidan ilgari surilgan qator taklif va tashabbuslar e’tirof etilib, ularni amalda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Rektor Bahodirjon Shermuhammadov:
“Siz – ertangi kunimizning bunyodkori, bilimli va fidoyi yoshlarisiz. Har biringizning fikringiz, tashabbusingiz biz uchun muhim. Sizlarning o‘qishga bo‘lgan intilishingiz va jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissangiz tahsinga loyiq”, – deya ta’kidladi.
Uchrashuv talabalarda katta motivatsiya uyg‘otdi. Yoshlar o‘z fikrlarini bemalol bildirganlari, universitet rahbariyati bilan ochiq muloqotda bo‘lganlaridan mamnun ekanliklarini ta’kidladilar.
Mazkur uchrashuv talaba-yoshlarni faollikka, tashabbuskorlikka undash, ularning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.