Alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar bilan amaliy mashg‘ulot – insonparvarlik va hamkorlik timsoli.
Bugungi kunda ta’lim jarayonida ijtimoiy inklyuzivlik tamoyillarini keng joriy etish – O‘zbekistonning ustuvor maqsadlaridan biridir. Aynan shu yo‘nalishda Farg‘ona davlat universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan kar va zaif eshitadigan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 1-sonli ta’lim muassasasi o‘rtasida muhim hamkorlik asosida ochiq amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Ushbu tadbir Farg‘ona davlat universiteti Sport faoliyati fakulteti tomonidan tashkillashtirildi. Amaliy mashg‘ulotning asosiy maqsadi:
maxsus ehtiyojga ega o‘quvchilarning jismoniy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash,
ularning ijtimoiy hayotga faol integratsiyasiga ko‘maklashish,
sport orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish,
universitet talabalari uchun inklyuziv pedagogika bo‘yicha amaliy tajriba yaratishdan iborat bo‘ldi.
Amaliy mashg‘ulot davomida talabalar va maktab o‘quvchilari ishtirokida sport o‘yinlari, jismoniy faollikni oshiruvchi mashqlar, psixologik qo‘llab-quvvatlash elementlari hamda jamoaviy hamkorlik asosida mashqlar o‘tkazildi.
Talabalar nafaqat o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishdi, balki mehr-oqibat, sabr-toqat va insoniy qadriyatlarni yanada chuqur anglab yetishdi. Maktab o‘quvchilari esa o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirib, sport mashg‘ulotlari orqali ijtimoiy moslashuv ko‘nikmalarini mustahkamlashdi.
Tadbir yakunida fikr bildirgan mutasaddilar ta’kidladilar:
“Har bir bola – g‘amxo‘rlikka, e’tiborga, teng imkoniyatlarga loyiq. Bugungi hamkorlik – bu oddiy amaliy mashg‘ulot emas, balki ijtimoiy birdamlik va insonparvarlik namunasidir.”
Mazkur tashabbus ijtimoiy himoya, ta’lim va sport sohalari o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni kuchaytirishga, yosh avlodni mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va birdamlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti va maxsus ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ushbu hamkorlik kelgusida yanada kengaytirilib, boshqa ta’lim yo‘nalishlarini ham qamrab olishi rejalashtirilgan.