Sportni tanlagan — g‘alabani tanlaydi. Farg‘ona davlat universiteti yoshlarining kuchi va fidoyiligi kelajak chempionlarini tarbiyalashda mustahkam poydevor bo‘lmoqda!
O‘zbekistonda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor o‘z natijalarini bermoqda. Xususan, Angliyada bo‘lib o‘tgan Jahon boks chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 11 ta medal (6 oltin, 2 kumush, 3 bronza) bilan yurtimiz sport tarixiga yangi sahifa yozdi. Bu — murabbiylar fidoyiligi, sportchilarning matonati va davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar samarasidir.
Shu munosabat bilan Farg‘ona davlat universitetida O‘zbekiston boks federatsiyasi vakillari va sport sohasida faoliyat yuritayotgan murabbiylar bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda universitet rektori professor Bahodirjon Shermuhammadov hamda sport faoliyati fakulteti rahbarlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Rektor o‘z nutqida sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan infratuzilmalar, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdagi yutuqlar haqida so‘z yuritib, barcha murabbiylarni kirib kelayotgan O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami bilan samimiy tabrikladi.
"Sport – bu nafaqat jismoniy rivojlanish, balki iroda, intizom va g‘alabaga bo‘lgan ishonch maktabidir. Bugungi yutuqlarimiz – kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchimizning natijasidir", – dedi Bahodirjon Shermuhammadov.
Uchrashuv davomida tajribali murabbiylar universitetda sport salohiyatining yuksalib borayotganini mamnuniyat bilan tilga olib, yosh avlod orasida chempionlar soni yanada ortishiga ishonch bildirdilar.
“Farg‘ona sport maktabi har doim o‘z chempionlari bilan faxrlangan. Endilikda Farg‘ona davlat universitetidan ham xalqaro arenalarda g‘alaba qozonadigan sportchilar yetishib chiqishiga ishonamiz”, – deya ta’kidladi murabbiylar.
Tadbir yakunida universitet va Boks federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, sportchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu hamkorlik sport sohasidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro maydonlarda yutuqlarga erishishiga xizmat qilishiga ishonamiz.