Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 459
  • Ko`rib chiqilganlar 426
    • Takliflar 59
    • Arizalar 357
    • Shikoyatlar 43
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

FARG’ONADA ADABIYOT BAYRAMI

16:10, 29.09.2025      

Farg‘ona viloyatining ilm va ma’naviyat maskaniga aylangan yuragida — Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida yurtimiz adabiyoti va madaniy merosiga bag‘ishlangan “Adabiyot bayrami” katta shukuh bilan nishonlandi.

Milliy adabiyotimizga beqiyos hissa qo‘shgan atoqli allomalar — Muqimiy, Mirzo Ho‘qandiy, Ashurali Zohiriy, Charxiy, Sobir Abdulla, Oxunjon Hakimov, Yo‘ldosh Sulaymon, G‘ulom Fathiddin, Maqsuda Egamberdiyeva va A’zam O‘ktam kabi ustozlarning tavallud yilliklari munosabati bilan tashkil etilgan ushbu bayram tadbiri, nafaqat ilmiy-ma’rifiy ahamiyatga, balki ma’naviy uyg‘onish ruhiga ham ega bo‘ldi.

Tadbirda Farg‘ona davlat universitetining yetuk professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar, ijodkorlar va ma’rifatparvar yurtdoshlar ishtirok etdi. Ular o‘z ma’ruzalarida o‘zbek adabiyotining boy merosi, so‘z san’ati va badiiy tafakkurning jamiyat rivojidagi o‘rni haqida chuqur mulohazalar yuritdilar.

“Adabiyot — bu millat qalbi, u orqali biz o‘z o‘tmishimizni anglaymiz, bugunimizni baholaymiz va kelajagimizga yo‘l ochamiz”, — degan fikrlar tadbirda bir necha bor yangradi.

Adabiyot bayramining eng yorqin ishtirokchilaridan biri — yoshlar bo‘ldi. Farg‘ona davlat universiteti talabalari adiblar hayoti va ijodi haqidagi yangi ma’lumotlarni ilhom bilan o‘rganishdi, sahna ko‘rinishlari, she’rxonliklar orqali o‘z salohiyatlarini namoyon etdilar.

Tadbir doirasida ijodiy uchrashuvlar, kitob ko‘rgazmalari va badiiy kompozitsiyalar tashkil etildi. Ayniqsa, milliy adabiyotimizning eng sara namunalaridan iborat ko‘rgazma, talabalar va kitobsevarlar uchun bebaho manba bo‘lib xizmat qildi.

Bugungi adabiyot bayrami — bu shunchaki an’anaviy tadbir emas, balki yuraklarimizni uyg‘otuvchi, milliy o‘zligimizni qadrlashga undovchi ma’naviy hodisadir. Adiblar merosi, so‘z san’ati va badiiy tafakkur xalqimizning ma’naviy poydevoridir.

Farg‘onada boshlangan ushbu ruhiy yangilanish bayrami, ishonchimiz komilki, yoshlar qalbida milliy g‘urur, adabiyotga muhabbat va vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamladi.