Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 459
  • Ko`rib chiqilganlar 426
    • Takliflar 59
    • Arizalar 357
    • Shikoyatlar 43
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

“REKTOR VA YOSHLAR” UCHRASHUVI: TASHABBUSGA BOY, ISHONCHGA TO’LA UCHRASHUV

17:01, 02.10.2025      

Farg‘ona Davlat Universitetida yoshlar bilan yana bir esda qolarli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitet rektori, professor Bahodir Shermuhammadov talaba-yoshlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikr-mulohaza va tashabbuslarini tinglash maqsadida tashkillashtirilgan anjumanda ishtirok etdi. Uchrashuv samimiy ruhda, ochiq va konstruktiv muhitda o‘tdi.

Rektor o‘z nutqida buyuk sarkarda Amir Temurning mashhur hikmatlaridan birini eslatib o‘tdi: "Bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yengadi."

Bu so‘zlarni u talaba-yoshlar hayotiy shioriga aylantirishi zarurligini ta’kidladi. Zero, bugungi kunda ilm-fan, tafakkur va bilimli kadrlar jamiyat taraqqiyotining bosh mezoni hisoblanadi.

Bahodir Shermuhammadov, Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Najot – ta'limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi" degan fikrlarini keltirib, bu g‘oya yoshlar kamolotida muhim dasturilamal bo‘lishi kerakligini urg‘uladi.

Uning ta’kidlashicha, zamonaviy talaba nafaqat bilimli, balki tarbiyali, tashabbuskor va ijtimoiy mas’uliyatli shaxs bo‘lishi zarur.

Uchrashuv davomida rektor o‘zining hayotiy tajribalari bilan bo‘lishdi, ilm olish yo‘lidagi sinov va saboqlar haqida so‘z yuritdi. Eng asosiysi, u talabalar tomonidan ko‘tarilgan muammolarni diqqat bilan tingladi. Ularning taklif va tashabbuslarini qayd etib, ijrosi yuzasidan mas’ul rahbar va mutasaddilarga aniq vazifalar yukladi.

Talabalar o‘zlari duch kelayotgan o‘quv, ma’naviy-ma’rifiy va infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni ochiq bayon qilishdi. Rektor ushbu murojaatlarning barchasiga befarq qaramasligini, har bir taklif amaliy yechimga ega bo‘lishi uchun universitet boshqaruvi barcha imkoniyatlarni safarbar etishini bildirdi.

Yoshlar bilan bo‘lgan bu uchrashuv nafaqat muammolar yechimiga qaratildi, balki ularning ijodiy g‘oyalarini ilgari surish, o‘z ustida ishlashga bo‘lgan intilishlarini kuchaytirishga xizmat qildi. Ko‘plab talabalar o‘z tashabbuslarini bildirdi, yangicha loyihalar, to‘garaklar va tadbirlar tashkil etish bo‘yicha takliflar berildi.

Rektor bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini aytib, universitet eshiklari har doim faol va g‘ayratli yoshlar uchun ochiq ekanini yana bir bor ta’kidladi.

“Rektor va yoshlar” uchrashuvi – bu oddiy bir muloqot emas, balki ta’lim muassasasi rahbari bilan talabalar o‘rtasida o‘zaro ishonch, hurmat va hamkorlik asosida qurilgan muloqot maydonidir. Bunday uchrashuvlar orqali universitetda nafaqat ilmiy, balki ma’naviy muhit ham mustahkamlanadi.

Farg‘ona Davlat Universiteti bugungi kunda nafaqat ilm dargohi, balki faol, bilimdon va tashabbuskor yoshlar kamol topayotgan muhitga aylangan. Bu yo‘ldagi eng katta kuch esa — bilimga bo‘lgan intilish va o‘z imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchdir.