Farg‘ona davlat universitetining 11-son talabalar turar joyida talabalarning yashash sharoitlari, bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazayotganlari va umumiy hayot tarzidan xabardor bo‘lish maqsadida tashrif amalga oshirildi. Universitet rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov talabalarning kundalik hayoti bilan yaqindan tanishib, ular bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida rektor talabalar bilan birgalikda yurishib, turar joydagi sharoitlar, xonalar gigiyenasi, isitish tizimi, xavfsizlik choralari va boshqa muhim jihatlarni ko‘zdan kechirdi. Kutubxonadagi zamonaviy qulayliklar, faoliyat yuritayotgan fan va ijodiy to‘garaklar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar talabalarning intellektual va ma’naviy rivoji uchun muhim omil ekani alohida ta’kidlandi.
Tashrif davomida rektor Bahodirjon Shermuhammadov talabalarning ba’zilari bilan bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, ular bilan bevosita suhbat qildi. Bunday do‘stona muhitda talabalarning qiziqishlari, orzu-intilishlari, ijodiy loyihalari haqida so‘z yuritildi. Rektor yoshlarga murojaat qilib, ularga nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalarni egallash, ijtimoiy hayotda faol bo‘lish, ma’naviy barkamollikka intilish lozimligini uqtirdi.
Tashrif so‘ngida rektor yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish universitet rahbariyati uchun doimiy ustuvor yo‘nalish ekanini alohida qayd etdi.
Bu kabi muloqotlar yoshlar bilan bevosita aloqa o‘rnatish, ularning muammolarini eshitish va ularni hal etishda tezkor choralar ko‘rish imkonini beradi. Farg‘ona Davlat Universiteti esa talabalarning bilim olishlari, yashashlari va shaxs sifatida shakllanishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga intilmoqda.