Farg‘ona Davlat Universiteti va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida pedagogik almashinuvlar davom etmoqda.
Farg‘ona Davlat Universitetining Chet tillari fakulteti bugun xalqaro hamkorlik yo‘nalishida navbatdagi muhim tashabbusga mezbonlik qildi. Xalqaro pedagogik almashinuv dasturi doirasida ayni kunlarda universitetda bo‘lib turgan Qirg‘izistonning nufuzli O‘sh Davlat Universiteti hamda Qirg‘iz-O‘zbek Xalqaro Universiteti professor-o‘qituvchilari Chet tillari fakultetida o‘tkazilgan kafedra yig‘ilishida ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro tajriba almashib, zamonaviy ta’lim metodikalari, innovatsion yondashuvlar va fanlararo integratsiyani rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi. Bu kabi muloqotlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash bilan birga, oliy ta’lim sifatini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqi muhokama qilindi. Professor-o‘qituvchilar ushbu tarixiy chiqishdagi asosiy g‘oyalar – mintaqaviy barqarorlik, ta’lim tizimini isloh qilish va yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi tashabbuslarni yuksak baholadilar.
Farg‘ona Davlat Universiteti xalqaro aloqalarni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun ochiq akademik makon yaratish yo‘lida izchil ishlamoqda. Bunday tashriflar ikki tomonlama manfaatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.