Farg‘ona shahrida futbol muhitini his qilish va jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun ajoyib imkoniyat! "FarDU" stadionida futbol bo‘yicha muhim bellashuv arafasida jamoamiz o‘zining so‘nggi o‘yin oldi mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
Mashg‘ulotlarda futbolchilarimizning jismoniy va taktika bo‘yicha puxta tayyorligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Murabbiylar shtabi tomonidan maxsus tayyorlangan mashqlar orqali jamoa bugungi uchrashuvga yuqori ruhda va g‘alaba ishtiyoqi bilan hozirlik ko‘rmoqda.
4-oktyabr kuni, soat 15:30 da, aynan shu stadionda navbatdagi qiziqarli va muhim bahs bo‘lib o‘tadi. Jamoamiz Toshkent shahri vakili — “Olimpik Mobiuz” klubiga qarshi maydonga tushadi.
Mazkur uchrashuv har ikki jamoa uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, turnir jadvalidagi holat, jamoalarning o‘zaro raqobati va muxlislar e’tibori nuqtayi nazaridan ham diqqatga sazovor.
Barcha futbol ishqibozlari, talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda farg‘onalik sport muxlislarini stadionga taklif etamiz. Keling, jamoamizga birgalikda ruhiy va hissiy ko‘mak beraylik! Har bir ovoz, har bir olqish g‘alaba sari yo‘l ochadi.
G‘alaba sari birga intilamiz – “FarDU” stadioni sizni kutmoqda!