Farg‘ona – Bugun Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligi hamkorligida “Innovatsion hamkorlik: oliy va professional ta’lim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Belarus forumi” mavzusidagi Ikkinchi ta’lim forumi o‘z ishini boshladi.
Mazkur xalqaro forum Farg‘ona davlat universiteti mezbonligida tashkil etilgan bo‘lib, ikki davlatning oliy va kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va ta’lim sohasidagi strategik aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Forumnning asosiy maqsadi – O‘zbekiston va Belarus ta’lim tizimlari o‘rtasida innovatsion hamkorlikni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish, shuningdek, oliy va kasbiy ta’lim jarayonlarida ilg‘or texnologiyalar va tajribalarni o‘zaro almashishdir.
Ikkinchi ta’lim forumida ta’lim sohasidagi yangi innovatsion yondashuvlar, o‘quv dasturlari, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda ikki davlat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinmoqda.
Forum doirasida O‘zbekiston va Belarus delegatsiyalari, shuningdek, boshqa xorijiy mehmonlar milliy kuy-qo‘shiqlar, milliy liboslar va madaniy an’analar namoyish etilishi bilan iliq kutib olindi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarining chuqurligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Tadbir davomida ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-innovatsion loyihalarni amalga oshirish, kadrlar almashinuvi dasturlari, qo‘shma magistratura va doktorantura ta’lim yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ta’lim sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Forum yakunida ikki davlat ta’lim vazirliklari hamkorligida yangi kelishuvlar va memorandumlar imzolanishi kutilmoqda. Bu kelishuvlar ta’lim sohasida yangi imkoniyatlar ochib, O‘zbekiston va Belarusning ta’lim tizimlarini yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ta’lim hamkorligi mamlakatlarimizning kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu forum esa ikki do‘st davlatning oliy ta’lim sohasida yangi bosqichga ko‘tarilishini ta’minlaydi.