O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi oliy va kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Bu boradagi navbatdagi muhim qadam sifatida Farg‘ona davlat universitetida “Innovatsion hamkorlik: oliy va professional ta’lim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Belarus forumi” mavzusida Ikkinchi ta’lim forumining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Radjabov, Belarus Respublikasi Ta’lim vaziri o‘rinbosari Aleksandr Baxanovich hamda ikki davlatning ko‘zga ko‘ringan oliy va kasbiy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilari va mutaxassislar ishtirok etdi.
Forum doirasida o‘tkazilgan plenar sessiyalar va ikki tomonlama uchrashuvlarda ta’lim tizimidagi dolzarb masalalar, o‘quv dasturlarini uyg‘unlashtirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yish va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida ikki tomonlama amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, 30 ga yaqin anglashuv memorandumi, hamkorlik bitimi va yo‘l xaritalari imzolandi. Ushbu hujjatlar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur forum nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, balki mintaqaviy miqyosda ham ta’lim sohasidagi integratsion jarayonlarni jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Farg‘ona davlat universitetining mezbonlik qilgani esa, ushbu oliygohning xalqaro miqyosdagi nufuzini yana bir bor tasdiqladi.
Forum yakunida ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan tashabbuslar ta’lim sifatini oshirish, raqamli ta’lim texnologiyalarini joriy etish, kadrlar malakasini oshirish va innovatsion ta’lim platformalarini yaratishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Ikkinchi O‘zbekiston–Belarus ta’lim forumi ilk marotaba 2023-yilda Belarusda tashkil etilgan bo‘lib, o‘shanda ham ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishilgan edi. 2025-yilgi forum esa mazkur an’anani yanada chuqurlashtirish va amaliy natijalar bilan boyitish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qildi.