Farg‘ona davlat universitetida o‘tayotgan “O‘zbekiston – Belarus ta’lim forumi”ning ikkinchi kuni unutilmas lahzalarga boy tarzda boshlandi. Bugungi dastur an’anaviy “Hosil bayrami” bilan uyg‘unlashib, nafaqat ilm-fan balki mehnat va barakot tantanasiga aylandi.
Erta tongdan forum ishtirokchilari universitet hududida tashkil etilgan bayramona ko‘rgazmaga tashrif buyurishdi. Ular xalqona kuy-qo‘shiqlar sadolari, rang-barang meva-sabzavotlar, asal va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan qarshi olindi. Har bir ishtirokchining chehrasida tabassum, yuragida esa iliq kayfiyat hukm surdi.
Ko‘rgazmada taqdim etilgan mahsulotlarning katta qismi Farg‘ona davlat universitetining Agrar qo‘shma fakultetida yetishtirilgani alohida e’tiborga loyiq. Bu yutuqlar nafaqat universitet ilmiy salohiyatining namoyishi, balki yosh agrar mutaxassislarning mehnatsevarligi va amaliy ko‘nikmalari samarasidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda agrar sohani zamonaviylashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, Farg‘onada tashkil etilgan zooinjeneriya, asalarichilik, meva-sabzavotchilik va uzumchilik yo‘nalishlari agrar ta’limda yangi sahifa ochdi.
Forum qatnashchilari universitet yoshlari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlardan tatib ko‘rib, o‘zaro iliq muloqotlar olib borishdi. Ayniqsa, asalning shirinligi, anorning tiniq rangi va boshqa hosil ne’matlari har bir mehmonning ko‘nglidan chuqur joy oldi.
Ushbu bayram, mohiyatan, faqatgina hosilning emas, balki halol mehnat va o‘z kasbiga sadoqatning bayrami sifatida e’tirof etildi.