Xalqaro forum doirasidagi tadbirlar davomida xalqaro delegatsiya a’zolari Farg‘ona viloyatining Rishton tumaniga tashrif buyurdi. Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — milliy hunarmandchilikni eksport salohiyati va xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish masalalarini joyida o‘rganish va o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolari Rishton tumanida faoliyat yuritayotgan mashhur ustaxonalar, kulolchilik va keramika markazlari bilan tanishib, bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik va merosni saqlash bo‘yicha ishlarga yuksak baho berishdi. Xususan, kulolchilikda qo‘llanilayotgan tabiiy, kimyoviy moddalarsiz glazur texnologiyasi va noyob naqshlar xorijiy mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrif davomida Belarus delegatsiyasi vakillari milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xorijiy bozorga eksport qilish, madaniy almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish va hunarmandlar o‘rtasida ko‘rgazma va tajriba almashuvlarini tashkil etish borasida takliflar bildirdi.
Ayniqsa, Rishton kulolchiligini viloyatning xalqaro brendiga aylantirish, uni Belarusda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar va savdo yarmarkalarida namoyish qilish g‘oyasi ishtirokchilar tomonidan iliq kutib olindi.
Delegatsiya a’zolari Rishton kulolchilik maktabining yuqori estetik did, mahalliy xomashyo asosida yaratilgan mahsulotlar, shuningdek, usta-shogird an’anasi asosida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan tajriba va mahoratni xalqaro bozorda muvaffaqiyatli namoyon etish imkoniyatlariga urg‘u berishdi.
Bu esa milliy hunarmandchilikni nafaqat madaniy meros sifatida, balki iqtisodiy o‘sish, eksport va “yumshoq kuch” siyosatining samarali vositasi sifatida ko‘rishga imkon beradi.
Tashrif yakunida Belarus delegatsiyasi Rishtonning kulolchilik an’analarini chuqur o‘rganish, ularni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va O‘zbekiston – Belarus o‘rtasida hunarmandchilik eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Ushbu tashrif Farg‘ona viloyatining boy madaniy merosi va innovatsion yondashuvlari asosida hunarmandchilikni iqtisodiy hamkorlik maydoniga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida tarixda qoladi.