“O‘zbekiston – Belarus ta’lim forumi” doirasidagi rasmiy tashriflar, uchrashuvlar va amaliy muloqotlar bilan bir qatorda, mehmonlar mamlakatimiz madaniy hayoti bilan tanishish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi. Jumladan, forum delegatsiyasi a’zolari Farg‘ona viloyatining muhim madaniyat maskanlaridan biri — Rus Drama Teatriga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif doirasida mehmonlar buyuk rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkinning “Qishloqi oyimqiz” nomli asari asosida sahnalashtirilgan spektaklni tomosha qilishdi. Asarning zamonaviy sahnaviy talqini aktyorlar ijrosida tomoshabinlarga butkul yangi ruh, nafislik va badiiy zavq ulashdi.
Spektakl davomida teatr jamoasining professionalligi, sahna dekoratsiyasi, yorug‘lik effektlari va musiqiy ohanglar uyg‘unligi o‘ziga xos atmosferani yuzaga keltirib, mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi. Delegatsiya a’zolari O‘zbekistondagi teatr san’atining yuqori darajada ekanligini e’tirof etib, bu kabi sahnalashtirishlar xalqaro madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.
Shuningdek, bu tashrif O‘zbekistonning boy madaniy merosi va ijodiy salohiyati xorijiy mehmonlar tomonidan chuqur qadrlanayotganining yana bir dalili bo‘ldi.
Shu bilan, forum doirasida rejalashtirilgan tadbirlar muvaffaqiyatli yakunlanib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanishiga zamin yaratildi.