Farg‘ona davlat universiteti 2025–2026 o‘quv yili rejasiga muvofiq, talabalarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularni yangilangan taraqqiyot yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida respublika miqyosidagi yetuk olimlar bilan ijodiy va ilmiy uchrashuvlarni muntazam tashkil etib kelmoqda.
Shu doirada bugun universitet katta majlislar zalida navbatdagi muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir mehmoni — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi professori, taniqli sotsiolog olim Mansurjon Bekmurodov bo‘ldi.
Professor Mansurjon Bekmurodov tomonidan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va uning o‘ziga xos jihatlari” mavzusida o‘tkazilgan ma’ruza mashg‘uloti universitetning birinchi va ikkinchi bosqich magistrantlari uchun katta qiziqish uyg‘otdi.
Ma’ruzada quyidagi dolzarb masalalar yoritib berildi:
“Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasining nazariy asoslari;
Davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlar;
Fuqarolik jamiyati va demokratik institutlarning roli;
Ijtimoiy sotsiologiyaning amaliy vazifalari va yangicha yondashuvlar.
Tinglovchilar nafaqat tinglovchi sifatida, balki faol ishtirokchi sifatida ham qatnashib, professor Bekmurodovga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni yo‘lladilar. Savol-javoblar, ochiq muloqot shaklida kechgan bu uchrashuv yosh izlanuvchilar uchun katta ilmiy tajriba bo‘ldi.
Bu kabi uchrashuvlar magistrantlarga nafaqat nazariy bilimlarni chuqurlashtirish, balki amaliy hayotda duch keladigan dolzarb ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ilmiy yondashishni o‘rganishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, bu jarayon yoshlar ongida vatanparvarlik, faollik va ilmiy izlanishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi.
Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati tomonidan yosh mutaxassislarni yetuk olimlar bilan muntazam uchrashuvlarda ishtirok ettirish an’anasi davom ettirilmoqda va bu yondashuv universitetning ilm-fan markaziga aylanishiga xizmat qilmoqda.