Farg‘ona davlat universitetida xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi — Rossiya Federatsiyasi Ta’lim va fan vazirligi, A.S. Pushkin nomidagi Davlat rus tili instituti hamda Rossiyaning yirik ilmiy tashkilotlari ekspertlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Kelajak olimlari” xalqaro loyihasi doirasidagi tadbirlar o‘z ishini boshladi.
Loyihaning asosiy maqsadi — talabalar va yosh izlanuvchilarga zamonaviy fan yutuqlari, xalqaro ilmiy tajribalar hamda rus tilida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida chuqurroq tushuncha berish, ularni global ilmiy hamjamiyatga tayyorlashdan iborat.
Tadbir doirasida Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari olimlari tomonidan turli yo‘nalishlarda ma’ruzalar, seminar mashg‘ulotlari va mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Dastlabki kunning o‘zida ilmiy ruhdagi suhbatlar, interaktiv muloqotlar va dolzarb fan yo‘nalishlariga oid taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Farg‘ona davlat universitetining Filologiya, Fizika-matematika hamda Tabiiy fanlar fakultetlarining rus tili guruhlarida tahsil olayotgan talabalar faol ishtirok etmoqdalar. Ular nafaqat tinglovchi, balki fikr bildiruvchi, savollar orqali muloqotga kirishuvchi faol ishtirokchilar sifatida e’tirof etilmoqda.
“Kelajak olimlari” loyihasi yosh avlodni ilm-fan sohasiga jalb etish, ularda tadqiqot olib borish ko‘nikmalarini shakllantirish, xorijiy tillarda erkin fikr yuritish va ilmiy muloqot olib borish madaniyatini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Bu kabi xalqaro loyihalar Farg‘ona davlat universitetining dunyo miqyosida tan olinishiga, ilmiy aloqalarning mustahkamlanishiga hamda talabalar salohiyatining yuksalishiga xizmat qilmoqda.