


Farg‘ona davlat universitetining Jismoniy madaniyat fakultetida 1-bosqich talabalarning ota-onalari uchun maxsus forum tashkil etildi. Tadbir yoshlar ta’lim jarayoniga ota-onalar e’tiborini yanada oshirish, ular bilan samarali muloqot o‘rnatish maqsadida o‘tkazildi.
Forum davomida namunali talabalarning ota-onalariga universitet rahbariyati tomonidan samimiy minnatdorchilik bildirildi va maxsus tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu nafaqat ota-onalarning alohida e’tibor va qadrlanishini ta’minladi, balki ularni ta’lim jarayonining faol ishtirokchilariga aylantirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mutasaddilar talabalar odobi, universitetning ichki tartib-qoidalari hamda HEMIS tizimi orqali baholash jarayonining ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berdilar. Ularning ta’kidlashicha, HEMIS tizimi talabalarning o‘quv jarayonidagi muvaffaqiyatlarini aniq va shaffof baholash imkonini beradi, bu esa ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ota-onalar universitetda yaratilgan qulay sharoitlar, zamonaviy infratuzilma va ta’lim dasturlari bilan tanishtirildi. Ular talabalarning sog‘lom va samarali ta’lim olishi uchun barcha imkoniyatlarning yaratilganligiga guvoh bo‘ldilar.
Forum yakunida ota-onalar va fakultet rahbariyati o‘rtasida o‘zaro fikr almashish uchun samimiy suhbatlar tashkil etilib, kelgusida hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ushbu forum nafaqat ota-onalar uchun ma’lumot manbai, balki talabalar ta’lim sifatini oshirish hamda jamoaviy birdamlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.