
Toshkent davlat transport universitetida o‘tkazilgan “Yuksak ilm fidoyisi” Respublika ilmiy-amaliy tanlovi muvaffaqiyatli yakunlandi. Mazkur tanlov ilm-fan va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ilmiy salohiyatini rag‘batlantirishga qaratilgan muhim platforma hisoblanadi.
Farg‘ona davlat universitetining Matematika yo‘nalishi talabasi Rasulova Kamolaxon Ilhomjon qizi hamda Kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari yo‘nalishi talabasi Nazirov A’zamjon Azizjon o‘g‘li mazkur tanlovda faol ishtirok etib, o‘zlarining yuqori bilim va tadqiqot ishlari bilan hakamlar hay’atining e’tiborini qozonishdi. Ularning ko‘rsatgan natijalari nafaqat universitet, balki butun mintaqaning ilmiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qildi.
Tanlov yakunida Rasulova Kamolaxon va Nazirov A’zamjon faxrli esdalik nishonlari, sertifikatlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Bu esa ularning ilmiy faoliyatiga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirib, kelajakda yanada katta yutuqlarga intilishlariga turtki bo‘ladi.
“Yuksak ilm fidoyisi” tanlovi yoshlarning ilm-fan sohasidagi izlanishlarini rag‘batlantirish, ularga mustaqil izlanish va ijodkorlik imkoniyatlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Farg‘ona davlat universiteti talabalari tomonidan erishilgan ushbu yutuq esa universitetning yuqori sifatli ta’lim berishdagi va innovatsion rivojlanishdagi rolini yana bir bor tasdiqlaydi.