

Farg‘ona davlat universitetida yoshlar orasida jismoniy madaniyatni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida yangi sport musobaqalari boshlanmoqda. Joriy yilning sentabr oyida fakultetlararo Universitet bosqichi sportning voleybol yo‘nalishi bo‘yicha – ayniqsa qiz talabalarga mo‘ljallangan musobaqa o‘z ishini boshladi.
Ushbu voleybol musobaqasi yosh avlodni sportga jalb qilish, jamoaviy ruhni shakllantirish va faol turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Musobaqada universitetning turli fakultetlaridan qiz talabalardan tashkil topgan jamoalar o‘zaro kuch sinashib, voleybol bo‘yicha eng yaxshi jamoani aniqlash uchun maydonga tushishmoqda.
Musobaqaning ochilish marosimida so‘z olgan tashkilotchilar, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi bunday tadbirlarning yoshlarni jismonan faollikka chorlashda, ularning sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda hamda universitetlararo do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Farg‘ona davlat universiteti talabalari uchun tashkil etilgan ushbu musobaqa, shuningdek, sportdagi tenglik va ayollar sportini rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi. Ishtirokchi jamoalar o‘rtasida kuchli raqobat va jamoaviy ruh doimo yuqori bo‘lib, har bir o‘yin tomoshabinlar uchun qiziqarli sahnalar bilan to‘ldirilmoqda.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan musobaqalar yoshlarni o‘z salohiyatini namoyish etishga, sog‘lom va faol hayot tarzini tanlashga undaydi. Universitet bosqichida munosib natijalarni qo‘lga kiritgan jamoalar esa keyingi bosqichlarda o‘z kuchini sinab ko‘rishga tayyorlanmoqda.