
Farg‘ona davlat universitetida yoshlarda huquqiy madaniyatni shakllantirish, jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyatini samarali davom ettirmoqda.
Ushbu guruhning shakllantirilishi nafaqat universitet miqyosida, balki butun jamiyatda yoshlarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirishga, fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari universitet hududi, xususan, talabalar turar joylari va atrof-muhitda jamoat tartibi, sanitariya-gigiyena, ekologik holat, yong‘in xavfsizligi, harakat xavfsizligi kabi muhim masalalarda kuzatuv va tushuntirish ishlarini olib borishmoqda.
Guruh a’zolari tomonidan aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda profilaktik suhbatlar, tushuntirish ishlari, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etilmoqda.
“Qalqon” jamoasining asosiy vazifalari:
Universitet hududida osoyishtalik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida doimiy kuzatuvlar olib borish;
Talabalar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi profilaktik chora-tadbirlar ko‘rish;
Odob-axloq, yurish-turish madaniyati, sanitariya va ekologik gigiyena qoidalari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;
Talabalarda ijtimoiy mas’uliyat va tartib-intizomga rioya qilish madaniyatini shakllantirish.
Talabalik – nafaqat bilim olish, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatni his qilish davri
“Qalqon” guruhi a’zolari – bu universitet talabalari orasidan saralangan, faol, ongli, huquqiy bilimga ega bo‘lgan yoshlar bo‘lib, ular o‘z tengdoshlariga nafaqat namuna, balki yordamchi, maslahat beruvchi sifatida ham xizmat qilishmoqda. Ushbu tashabbus yoshlar orasida o‘zaro hurmat, birdamlik va sog‘lom muhitni mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati tomonidan yoshlarda huquqiy va ijtimoiy mas’uliyatni oshirish, salbiy illatlarning oldini olishga doir qator kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Qalqon” guruhi esa ushbu siyosatning muhim halqasi, amaliy ifodasidir.