Farg’ona davlat universitetining Filologiya fakulteti 1-bosqich talabalari hamda Farg‘ona shahar 4-sonli Madaniyat uyining xalq havaskor “Sado” jamoasi bilan hamkorlikda “Milliy qadriyatlar va ularning millat maʼnaviyatidagi oʻrni” shiori ostida ijodiy davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – yosh avlod qalbida milliy qadriyatlarimizga hurmat, tarixiy xotiraga sadoqat, ma’naviy barkamollik tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, milliy san’at turlarini keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbatida talabalar milliy madaniyat, qadriyatlar, urf-odatlar va ularning zamonaviy jamiyatdagi ahamiyati haqida chuqur mulohazalar yuritdilar. Ayniqsa, o‘zbek xalqining bebaho og‘zaki ijodi – milliy laparlar, o‘lanlar va dostonlar inson ma’naviy hayotidagi tarbiyaviy va estetik vazifalari haqida keng fikr almashildi.

Tadbirda xalq havaskor “Sado” jamoasi vakillari tomonidan jonli ijro etilgan milliy laparlar, folklor namunalaridan parchalar tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi. San’atkorlarning har bir chiqishi milliy ruh, qadriyat va xalqona ohang bilan yo‘g‘rilgani bois talabalar ulardan ilhom oldilar.
Uchrashuv davomida talabalar va san’atkorlar o‘zaro ijodiy fikr almashib, milliy san’at va og‘zaki ijodning yoshlar ongini shakllantirishdagi o‘rni yuzasidan dolzarb savol-javoblar ham tashkil etildi. Bu esa davra suhbatini nafaqat ma’rifiy, balki interaktiv va ijodiy ruhda o‘tishini ta’minladi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar shunday madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitishda, ularda milliy o‘zlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilayotganini e’tirof etdilar.