
Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbek adabiyoti, san’ati va madaniyati” kunlari doirasidagi tadbirlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda Farg’ona davlat universitetining Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakultetining yetuk professor-o‘qituvchilari, shuningdek, iqtidorli va ijodkor talabalari faol ishtirok etishmoqda.
Tadbirlar doirasida o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandalari – Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, Erkin Vohidov kabi siymolarning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlar, adabiy kechalar, ochiq darslar tashkil etildi. Talabalar o‘z ijod namunalarini o‘qib, o‘zbek tilining nozik ohanglarini, she’riyatning go‘zalligini mehmonlarga namoyish qildilar.
Shuningdek, FarDU talabalari tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar, teatr sahnalashtirmalari va xalq raqslari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Xususan, milliy cholg‘ular sadolari ostida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar o‘zbek xalqining boy madaniy merosidan namunalar sifatida yuqori baholandi.
Mazkur tashrif doirasida FarDU professor-o‘qituvchilari O‘sh davlat universiteti rahbariyati va o‘qituvchilari bilan davra suhbatlari, tajriba almashish va kelgusidagi ilmiy hamkorlik yuzasidan muzokaralar o‘tkazdilar. Ushbu uchrashuvlar ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
“O‘zbek adabiyoti, san’ati va madaniyati” kunlarining Qirg‘izistonda o‘tkazilishi — bu nafaqat madaniyatlararo almashinuv, balki mintaqadagi tinchlik, barqarorlik va o‘zaro anglashuvni ta’minlash yo‘lidagi muhim tashabbusdir.