Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 479
  • Ko`rib chiqilganlar 444
    • Takliflar 60
    • Arizalar 370
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

XALQARO ILMIY KONFERENSIYA

09:28, 18.10.2025      

Ayni kunlarda Malayziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Universiti Sains Malaysia mezbonligida o‘tkazilayotgan International Conference on Humanities in Asia Pacific (ICHAP–2025) xalqaro ilmiy anjumanida Farg‘ona davlat universiteti Ingliz tili va adabiyoti fakulteti faol hamkor sifatida ishtirok etmoqda.

Mazkur konferensiya “The Intersection Between Local and Global in the Humanities in Asia Pacific” (Osiyo-Tinch okeani mintaqasida gumanitar fanlarda mahalliy va global nuqtalarning kesishuvi) mavzusida o‘tkazilib, unda dunyoning turli burchaklaridan olimlar, tadqiqotchilar va akademik doiralar vakillari ishtirok etdilar. Anjuman doirasida zamonaviy gumanitar fanlarning dolzarb muammolari, xalqaro integratsiya jarayonlari va ilmiy innovatsiyalar muhokama qilindi.

Konferensiyaning ochilish marosimida Ingliz tili va adabiyoti fakulteti dekani, f.f.d. Toirova Nargiza Isaqovna onlayn tarzda so‘zga chiqib, Universiti Sains Malaysia rahbariyatiga iliq taklif va hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi. U o‘z nutqida FarDU va Universiti Sains Malaysia o‘rtasida shakllanib borayotgan ilmiy-akademik aloqalar, tajriba almashinuvi va qo‘shma loyihalar orqali ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, fakultetning bir qator professor-o‘qituvchilari o‘z ilmiy taqdimotlari bilan ushbu nufuzli ilmiy maydonda qatnashib, gumanitar fanlar, tilshunoslik, adabiyotshunoslik va madaniyatlararo muloqot mavzularida o‘z tadqiqot natijalarini xalqaro auditoriyaga taqdim etdilar. Tadbir ishtirokchilari tomonidan FarDU olimlarining chiqishlari katta qiziqish va iliq munosabat bilan kutib olindi.

Bu kabi xalqaro ilmiy hamkorliklar Farg‘ona davlat universitetining jahon ilmiy maydonidagi mavqei mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, ingliz tili va adabiyoti sohasida olib borilayotgan izchil tadqiqotlar, global akademik almashinuvlar va yangi pedagogik yondashuvlar fakultet salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

ICHAP–2025 konferensiyasida ishtirok nafaqat ilmiy tajriba almashishga, balki xalqaro tarmoqda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yosh tadqiqotchilar uchun ham katta imkoniyat bo‘ldi. Ular endilikda xalqaro nashrlarda maqola chop ettirish, grant loyihalarda qatnashish va xorijiy oliygohlar bilan qo‘shma ilmiy faoliyat olib borish imkoniyatlariga ega bo‘lmoqdalar.