

Farg‘ona davlat universiteti filologiya fakultetida oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash va turmush darajasini yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida “KARYERA KUNI” tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbirda universitet rahbariyati bilan bir qatorda, viloyatning turli tashkilot va muassasalari vakillari ham ishtirok etishdi. Jumladan:
D. Qosimova – Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari;
Sh. Akbarov – Farg‘ona viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i;
I. Halimbekov – Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasi raisi;
Sh. Ganiyeva – «Adolat» SDP viloyat kengashi raisi, “Ibratli bekam” o‘quv markazi rahbari;
Sh. Aslonov – “Yangi Farg‘ona” gazetasi bosh muharriri;
X. Sharipov – FarDU qoshidagi akademik litsey direktori;
I. Shodiyeva – FarDU akademik litseyi metodisti;
B. Muxtaraliyev – “Ideal” xususiy maktab direktori;
X. Tolipov – “Fergana School” xususiy maktabi direktori.
Tadbirda so’zga chiqqan, universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Sh. Shuxratov, o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bandligini ta’minlash va ularni mustaqil hayotga tayyorlash borasidagi, “Har bir yosh o‘z kasbini tanlab, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, hayotda mustaqil bo‘lishi uchun davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Bizning burchimiz — bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishga ko‘maklashishdir,” deya aytgan tashabbuslarini ta’kidlab o’tdilar.




Tadbir davomida turli tashkilotlar vakillari talabalarga mehnat bozori talablari, ish beruvchilar kutayotgan kompetensiyalar, muloqot madaniyati, ijodkorlik va tashabbuskorlikning ahamiyati haqida ma’lumotlar berishdi. Shuningdek, mehmonlar o‘z tashkilotlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va stajirovka dasturlari haqida ham tanishtirish o‘tkazishdi.
Talabalar uchun bu uchrashuv nafaqat kelgusidagi ish faoliyatiga tayyorgarlik, balki o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish borasida muhim tajriba bo‘ldi.
“Karyera kuni” doirasida universitet bitiruvchilari va ish beruvchilar o‘rtasida bevosita muloqotlar tashkil etildi. Tadbir yakunida bir qator talabalar yirik tashkilotlarda amaliyot o‘tash va ishga joylashish uchun dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
Mazkur tadbir yoshlarning kasbiy shakllanishi, bandlikni ta’minlash va mehnat bozoriga integratsiyalashuvida muhim qadam bo‘lib, Farg‘ona davlat universitetining ta’lim bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi faol sa’y-harakatlarini yana bir bor namoyon etdi.