
Xalqaro hamkorlik doirasida Turkiyada o‘tkazilayotgan “Turkiy xalqlarning an’anaviy sport o‘yinlari” nomli XIII Xalqaro simpoziumda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Fargʻona davlat universiteti, Sport faoliyati fakulteti dekani I.Yuldashev ham faol ishtirok etmoqda.
Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar olimlari, sport sohasidagi mutaxassislar, an’anaviy sport turlari bo‘yicha yetakchi ekspertlar ishtirok etib, turkiy xalqlar tarixida muhim o‘rin tutgan milliy o‘yinlarning bugungi kundagi ahamiyati, ularni saqlash va targ‘ib qilish yo‘nalishida ilmiy-amaliy fikrlar almashmoqda.
Simpoziumning asosiy maqsadi — turkiy xalqlar sport merosini keng targ‘ib qilish, milliy sport turlarini xalqaro maydonga olib chiqish, shuningdek, yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga va sportga keng jalb etishdir.
Ikromjon Yuldashov o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonning boy sport merosi, milliy kurash, o‘yinlar va jismoniy tarbiya tizimida olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berib, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash borasidagi takliflarni ilgari surmoqda.
Mazkur ishtirok mamlakatimiz sport ilmi rivojiga, xalqaro hamkorlik kengayishiga hamda o‘zbek milliy o‘yinlarini dunyo miqyosida targ‘ib etishga xizmat qiladi.
