Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 479
  • Ko`rib chiqilganlar 444
    • Takliflar 60
    • Arizalar 370
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

“MA’RIFAT ULASHIB” — FarDUda ILHOM VA MA’NAVIYAT BAYRAMI

16:14, 03.11.2025      

Farg‘ona davlat universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tkazilgan adabiy tadbirlar haqiqiy ijod bayramiga aylandi. Universitetga tashrif buyurgan taniqli ijodkorlar — Muhammad Siddiq, Gulbahor Jumayeva va Xosiyat Bobomurodova talabalar va professor-o‘qituvchilar tomonidan iliq kutib olindi. Ularning samimiy tabassumi, mehrga to‘la nigohi va qalbidan to‘kilgan she’riy misralar FarDU muhitiga yangi ruh, yangi zavq olib kirdi.

Dargoh osmoni ostida she’riyat sadolari yangradi. Shoir va shoiralar o‘zining nafis ijodi, dilbar tuyg‘ulari va hayotiy falsafaga boy misralari orqali tadbir ishtirokchilarini ma’rifat olamiga yetakladilar. Ijodkorlar bilan bo‘lgan uchrashuv talabalar qalbida ijodga bo‘lgan mehrni yanada kuchaytirib, ularda yangi orzu va rejalarga qanot bo‘ldi.

Tadbir doirasida universitet bog‘ida ramziy nihol ekish marosimi ham tashkil etildi. Gulbahor Jumayeva, Xosiyat Bobomurodova va Muhammad Siddiq talabalarning iliq qarshilovi ostida ma’rifat daraxti ramzini yaratdilar. Ekilgan har bir nihol — so‘z, tafakkur va ilhom ramziga aylandi. Daraxt barglarida shamol she’r ohangini kuylayotgandek, quyosh esa bu unutilmas lahzalarni mehr bilan yoritib turdi. Ushbu marosim kelajakda FarDU bog‘ida ijod va ma’naviyatning barqaror ramziga aylanadi.

Loyihaning yuqori cho‘qqisi sifatida FarDUda adabiy-badiiy kecha tashkil etildi. Bayramona ruhdagi tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli shoir va shoiralar ishtirok etib, tomoshabinlarga ilhom ulashdilar. Universitet rahbariyati vakillari ijodkorlarni samimiy tabriklab, mamlakatimizda adabiyot va ma’naviyatga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdilar.

So‘ngra FarDU professori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Siddiq Mo‘min o‘zining mazmunli she’rini o‘qib, tadbirga badiiy ruh bag‘ishladi. Taqdimotlar, talabalar ijrosidagi she’rlar, mushoira tanlovlari, kuy va qo‘shiqlar — barchasi tinglovchilar qalbiga nur olib kirdi.


“Ma’rifat ulashib” loyihasi — bu oddiy tadbir emas, qalblarga umid, ko‘ngillarga ilhom, yosh avlodga maqsad bag‘ishlaydigan ma’naviyat bayramidir. FarDUda o‘tkazilgan uchrashuvlar ijod va ma’rifatning yorqin timsoli bo‘lib, talabalar xotirasida unutilmas sahifalardan biriga aylandi. Endi universitet bog‘idagi nihollar kabi yosh ijodkorlar ham ma’naviyat osmonida ko‘tarilib, yurtimiz ravnaqiga xizmat qilishi shubhasiz.