Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 479
  • Ko`rib chiqilganlar 444
    • Takliflar 60
    • Arizalar 370
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

“MA’RIFAT ULASHIB” LOYIHASI: TARIX, XOTIRA VA IJOD UYG’UNLIGI

11:58, 04.11.2025      

Farg‘ona davlat universitetida davom etayotgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi nafaqat ilm va ma’naviyatni targ‘ib etmoqda, balki yosh avlodni tarixiy xotira, milliy qadriyatlar va ma’rifiy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda ham muhim o‘rin tutmoqda. Bugun loyiha mehmonlari uchun unutilmas tarixiy-marifiy kun bo‘ldi.

Taniqli ijodkorlar — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi Qatag‘on qurbonlari muzeyiga tashrif buyurdilar. Bu maskan o‘zbek ma’rifatparvar bobolarimiz — jadidlarning mardlik va fidoyilik yo‘lida chekkan iztiroblarini, xalq ma’rifati uchun jon fido qilgan ulug‘ siymolar taqdirini o‘zida mujassam etgan.

Ijodkor mehmonlar muzeydagi eksponatlar, tarixiy fotosuratlar va noyob hujjatlarni katta hurmat va chuqur hayajon bilan tomosha qildilar. Ular jadidlarning ma’rifat yo‘lidagi jasoratini yodga olib, yoshlarni ham o‘tmishdan kuch va ibrat olishga, mustaqil fikrlash va Vatanga muhabbat ruhida ulg‘ayishga undadilar.

Tashrif davomida mehmonlar oliygohning talabalar turar joyiga ham tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, “Mushoira”, “Shaxmat-shashka” va “Stol tennisi” to‘garaklari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuv jarayonida adabiyot, ijod, kitob va ma’naviyat mavzularida qizg‘in suhbatlar kechdi.

Kech tushgach, talabalar shaharchasida haqiqiy ilhom kechasi yuzaga keldi. Gulxan tevaragida yig‘ilgan yoshlar va ijodkorlar issiq choy atrofida samimiy suhbat qurdilar. Talabalar tomonidan o‘qilgan she’rlar, kuylangan qo‘shiqlar va qalbdan to‘kilgan fikrlar kechani yanada sehrli qildi.

Bu lahzalarda nafaqat so‘z, balki ruhlar ham birlashdi. Gulxan shu’lasida porlagan nigohlar, ma’rifatga chanqoq qalblar va birgalikda yaratilgan iliq muhit bitta haqiqatni yana bir bor tasdiqladi:

Ma’rifat — inson qalbini yorituvchi eng porloq nurdir.

“Ma’rifat ulashib” loyihasi yoshlarning qalbiga nur singdirib, ularni o‘tmish saboqlaridan ilhomlanishga, bugungi imkoniyatlarning qadriga yetishga va ertangi kun uchun mas’uliyat bilan yashashga chorlamoqda. FarDUda kechgan bugungi kun — tarix, xotira va ijod uyg‘unligining yorqin namunasiga aylandi.