

Farg‘ona davlat universitetida kechki ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bilan navbatdagi ochiq uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov ishtirok etib, talabalar bilan samimiy va ochiq muloqot olib bordi.
Muloqot davomida rektor mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar, yangi imkoniyatlar va FarDUda joriy etilayotgan innovatsion yondashuvlar haqida so‘z yuritdi.
U talabalarni faollik, tashabbuskorlik va mas’uliyatli o‘qishga undab, har bir yoshning o‘z yo‘lini topishida universitet jamoasi doimo ko‘makchi ekanini ta’kidladi.
“FarDU — nafaqat bilim olish maskani, balki yoshlarning intellektual va ma’naviy o‘sish maydonidir. Sizning fikrlaringiz, takliflaringiz biz uchun muhim yo‘nalishdir”, — dedi rektor Bahodirjon Shermuhammadov.
Uchrashuvda talabalar o‘quv jarayonini takomillashtirish, dars jadvali va amaliy mashg‘ulotlar sifatini oshirish, xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalarda o‘z takliflarini bildirdilar.
Rektor har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, tegishli bo‘lim rahbarlariga muammolarni joyida hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Talabalar, shuningdek, universitetda ilmiy izlanishlarga keng sharoit yaratilayotgani, turli tanlov va grant dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari ularning motivatsiyasini oshirayotganini qayd etdilar.


Tadbir iliq, samimiy muhitda o‘tdi. Uchrashuv yakunida talabalar bunday ochiq muloqotlar ularni yangi g‘oyalar sari ilhomlantirishi, universitet hayotida faolroq ishtirok etishga undashini bildirdilar.
“Rektorimiz bilan bevosita suhbat bizda ishonch uyg‘otadi, bu kabi uchrashuvlar ta’limga bo‘lgan munosabatimizni yanada jiddiylashtiradi,” — deydi FarDU talabalaridan biri.
Farg‘ona davlat universitetida talabalar bilan doimiy muloqot, ochiqlik siyosati va fikr almashinuvi — boshqaruvning muhim qismi hisoblanadi. Universitet jamoasi yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim sifati va ijtimoiy faolligini oshirish orqali zamonaviy, raqobatbardosh va innovatsion OTM sari dadil qadam tashlamoqda.