Farg‘ona davlat universitetida yana bir muhim ilmiy natija qayd etildi. Universitetning mustaqil tadqiqotchisi Meliqo‘ziyev Azizjon Adxamjon o‘g‘li “11-15 yoshli erkin kurashchilarning maxsus jismoniy tayyorgarligini rivojlantirish uslubiyati” mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishi bo‘yicha pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Mazkur dissertatsiya 13.00.04 – “Jismoniy tarbiya, sport mashg‘ulotlari, sogʻlomlashtirish va adaptiv jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha tayyorlangan bo‘lib, tadqiqot natijalari mamlakatimiz va xorijiy tadqiqotlar bilan taqqoslangan, berilgan xulosalar va tavsiyalar esa yosh kurashchilarni tayyorlash jarayonidagi nazariy va metodik muammolarni hal etishga qaratilgan. Azizjon Meliqo‘ziyev o‘z tadqiqotida jismoniy madaniyat yo‘nalishidagi talabalar uchun: – maxsus jismoniy tayyorgarlikni rivojlantirish metodikasini, – musobaqa faoliyatiga tayyorlovda zamonaviy yondashuvlarni, – mashg‘ulot jarayonining samaradorligini oshirish usullarini, – sportchilarning jismoniy va psixologik tayyorgarligini mustahkamlash yo‘llari kabi masalalarni ilmiy asosda ishlab chiqdi va amaliy tajribalarda tasdiqladi. Dissertatsiya himoyasi natijasida ilmiy kengash a’zolari tomonidan 100 foiz ovoz bilan qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa tadqiqotning ilmiy dolzarbligi, amaliy ahamiyati va yuqori sifatini yana bir bor tasdiqlaydi.