
Farg‘ona davlat universiteti Chet tillari fakultetida “Milliy kun” doirasida o‘tkazilgan rang-barang tadbir o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, qadimiy urf-odatlari va milliy qadriyatlarini yana bir bor keng targ‘ib etdi.
Tadbir davomida talabalar atlas va adras kabi milliy matolardan tikilgan liboslarda, do‘ppi va milliy bezaklar bilan sahnaga chiqishdi. Har bir ishtirokchining kiyimi o‘zbek xalqining didi, mehnatsevarligi va nafislikka bo‘lgan e’tiborini ifoda etdi.

Fakultet talabalari tomonidan bezatilgan dasturxonlarda milliy taomlar, meva-sabzavotlar, turli milliy mahsulotlar hamda xalq hunarmandchiligi namunalaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi. Bu jihat tadbirga yanada o‘ziga xos ruh va milliylik ohangini bag‘ishladi.
“Milliy kun” nafaqat bayramona kayfiyatda o‘tdi, balki yoshlar qalbida vatanparvarlik, milliy iftixor, va madaniy merosga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir ishtirokchilari o‘zbek xalqining qadimiy an’analari va o‘ziga xos turmush tarzini targ‘ib etish orqali yosh avlodni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash muhimligini ta’kidlashdi.
Mazkur tashabbus orqali Chet tillari fakulteti jamoasi nafaqat til va madaniyatlararo muloqotni chuqurlashtirmoqda, balki talabalar qalbida o‘z millatining o‘lmas qadriyatlariga bo‘lgan faxr tuyg‘usini yanada yoritib kelmoqda.
Milliy libos, milliy taom va samimiyat — bularning barchasi xalqimizning tarixiy ildizlari, go‘zallik va mehrga to‘la ruhining yorqin ifodasidir.