

‘ona davlat universiteti Fizika-matematika fakultetida talabalarning kasbiy rivojlanishi, mehnat bozoridagi yangi tendensiyalar bilan tanishtirish hamda ularni tadbirkorlikka yo‘naltirishga qaratilgan “Karyera va biznes” marafoni bo‘lib o‘tdi. Marafon davomida ishtirokchilar uchun nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan ma’ruzalar, interaktiv treninglar hamda mahorat darslari tashkil etildi.
Tadbirga o‘z sohasida yetakchi bo‘lgan mutaxassislar, yirik korxonalar vakillari, muvaffaqiyatli tadbirkorlar hamda startap asoschilari taklif etilib, ular talabalarga o‘z tajribalarini real misollar orqali yetkazib berishdi. Uchrashuv jarayonida mehnat bozoridagi dolzarb yo‘nalishlar, zamonaviy kasblarga qo‘yilayotgan talablar, startaplarni shakllantirish texnologiyalari, loyiha boshqaruvi, moliyaviy savodxonlik va shaxsiy brend yaratish kabi mavzular atroflicha yoritib berildi.

Marafon talabalar uchun nafaqat bilim va ko‘nikmalar manbai, balki ularga kelajak kasbini to‘g‘ri tanlash, mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lish, professional rivojlanish strategiyasini shakllantirish hamda o‘z g‘oyalarini biznes loyihaga aylantirish imkonini beruvchi amaliy maydon bo‘lib xizmat qildi. Ishtirokchilar mutaxassislar bilan bevosita muloqot qilish, savollariga javob olish va kelgusida amaliy hamkorliklar yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida ko‘plab talabalar o‘zlarining startap g‘oyalari bo‘yicha dastlabki maslahatlarni oldi, ayrimlari esa korxonalar bilan amaliyot yoki ish imkoniyatlarini muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldi.
“Karyera va biznes” marafoni yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy iqtisodiyot talablari asosida tayyorlash va kelajakda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashuvchi muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.