Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 479
  • Ko`rib chiqilganlar 444
    • Takliflar 60
    • Arizalar 370
    • Shikoyatlar 49
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

ILMIY SALOHIYATNI ANIQLASHGA QARATILGAN MUHIM BOSQICH

10:43, 24.11.2025      

Farg‘ona davlat universiteti Oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti tomonidan DOKTORANTURA (DSc), TAYANCH DOKTORANTURA (PhD), MUSTAQIL IZLANUVCHI (PhD, DSc) hamda STAJYOR-TADQIQOTCHILIK institutlari uchun 2026-yil qabuli doirasidagi kirish imtihonlari o‘z faoliyatini boshladi. Jadval asosida tashkil etilgan mazkur jarayon ixtisoslik fanlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholashga qaratilgan bo‘lib, yuqori darajadagi tartib-intizom va shaffoflik bilan o‘tkazilmoqda.

Imtihon jarayonida talabgorlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari sinchkovlik bilan tekshirilib, ro‘yxatga olingan nomzodlargina imtihonga jalb etildi. Bu bosqich qabul jarayonining adolatli va tizimli amalga oshirilishini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.

Universitet rahbariyati tomonidan imtihonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha jarayonlar qat’iy nazorat ostiga olingan. Jarayonning har bir bosqichi online translyatsiya orqali yoritilib, ochiqlik tamoyillari to‘liq amalga oshirilmoqda. Bu esa nomzodlar, ularning ilmiy rahbarlari va jamoatchilikka imtihon jarayonini bevosita kuzatish imkonini yaratdi.

Talabgorlar o‘zlari tanlab olgan ixtisoslik savollariga yozma ravishda javob berishdi. Ushbu format ularning mavzu bo‘yicha tahliliy fikrlashi, ilmiy yondashuvi va mustaqil izlanish olib borish ko‘nikmalarini aniqlashda muhim mezon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kirish imtihonlari universitetning ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan, mustaqil fikrlaydigan va zamonaviy ilmiy talablarni o‘zlashtirishga qodir yoshlarni saralab olishda muhim o‘rin tutadi. Bu jarayon orqali kelgusida respublikamiz ilm-fani va ta’lim tizimiga munosib hissa qo‘shadigan tadqiqotchilar safi shakllantiriladi.

Farg‘ona davlat universitetida 2026-yil doktorantura qabuli doirasidagi kirish imtihonlarining adolatli, shaffof va tizimli tarzda o‘tkazilayotgani universitetning ilmiy kadrlar tayyorlashdagi mas’uliyatli yondashuvini yana bir bor namoyon etdi. Jarayon davom etmoqda va eng munosib nomzodlar keyingi bosqichlarga yo‘llanma olishlari kutilmoqda.