
Farg‘ona davlat universitetida Viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i D. Azizov tashabbusi bilan “Qalqon” jamoasi a’zolari bilan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Tadbir universitet talabalari o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish va huquqiy ongni shakllantirishga qaratilgan muhim ma’naviy-amaliy muloqot bo‘ldi.
Uchrashuv davomida D. Azizov tomonidan “Qalqon” jamoasi faoliyati, uning ahamiyati, talabalarning bu jarayondagi o‘rni hamda profilaktika inspektorlari bilan samarali hamkorlik mexanizmlari batafsil tushuntirildi. Talabalar bilan ishlash tartib-qoidalari, jamoa zimmasiga yuklatilgan vazifalar va xavfsizlik borasidagi dolzarb masalalar yuzasidan aniq va amaliy tavsiyalar berildi.
“Qalqon” jamoasi a’zolariga jamoat joylarida tartibni saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, talabalarning muammolariga befarq bo‘lmaslik, ijtimoiy tarmoqlarda ehtiyotkorlik bilan axborot almashish kabi muhim yo‘nalishlar haqida chuqurroq ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tib, talabalarga o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy masalalar yuzasidan savollar berish imkoniyati yaratildi. Ular jamoaning kundalik faoliyati, xavfsizlik choralari, profilaktika tadbirlarining ahamiyati hamda uni ishlab chiqish jarayonida yoshlarning roli haqida o‘z fikrlarini bildirib bordilar.
Ushbu uchrashuv talabalar orasida huquqbuzarliklarning oldini olishda faollikni oshirish, o‘zaro mas’uliyatni kuchaytirish va jamoa sifatida tartib-intizomni mustahkamlashga xizmat qildi. “Qalqon” jamoasining universitet miqyosidagi faoliyati yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirib, ular orasida sog‘lom muhit yaratishda muhim o‘rin tutmoqda.
Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilgan ushbu uchrashuv talabalarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, xavfsizlikka doir masalalarda hushyor bo‘lish va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mas’uliyatini oshirishda yana bir samarali qadam bo‘ldi. “Qalqon” jamoasining faoliyati bundan buyon ham yoshlar o‘rtasida ijtimoiy faollikni kuchaytirishga xizmat qiladi.