
Toshkent shahrida o‘tkazilgan nufuzli “WORLD TALENTS” xalqaro tanlovi san’at ixlosmandlari va iqtidorli yoshlar uchun haqiqiy iste’dodlar maydoniga aylandi. Ushbu yirik sahnaviy bellashuvda Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi “Mukarrama Turg’unboyeva izdoshlari” badiiy havaskorlik raqs ansambli xoreografiya yo‘nalishida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ansamblning sahnadagi chiqishi o‘ziga xos badiiy yechim, milliy raqs an’analari va zamonaviy sahna madaniyatining uyg‘unligi bilan ajralib turdi. Ishtirokchilar har bir harakat orqali o‘zbek milliy san’atining nafisligi, ritmlarning betakrorligi va xalq ijodining teran ma’nolarini yorqin namoyon etdilar. Tomoshabinlar va hakamlar hay’ati ansamblning professionalligi, sahna madaniyati va ijodiy yondashuviga yuksak baho berdi.
“Mukarrama Turg’unboyeva izdoshlari” ansambli ko‘p yillik mehnat, muntazam mashg‘ulotlar, o‘qituvchi-murabbiylarning mahorati hamda yosh raqqosalar fidoyiligining yorqin samarasi sifatida ushbu yirik xalqaro tanlovda g‘alabaga erishdi. Jamoaning bu yutuqi universitetning san’at yo‘nalishidagi faoliyatiga qo‘shilgan navbatdagi katta hissa bo‘ldi.
Xalqaro tanlovda erishilgan ushbu natija ansambl a’zolariga nafaqat ijodiy ilhom bag‘ishladi, balki ularni san’atning yangi cho‘qqilarini zabt etishga undadi. Jamoaning mazkur muvaffaqiyati FarDUning madaniy-ma’rifiy hayotidagi yirik yutuqlardan biri sifatida e’tirof etiladi.